Moliyaviy dunyo siz o‘ylagandan ham ko‘proq “xotirjamlik”ni qadrlaydi. Ayniqsa, kredit olgan insonlar uchun bu tamoman rost. Har qanday kredit qarori siz haqingizda tarix yozadi. Uni “kredit tarixi” deyiladi.

Toza kredit tarix — bu shunchaki raqamlar emas, bu sizning banklar oldidagi ishonchliligingiz. Uni qanday saqlab qolish mumkin? Moliyajon maslahat beradi!

1. Kredit tarixini buzmang!
Siz bir necha yil oldin olgan kichik kredit bo‘lsin yoki hozirgi yirik qarz bo‘lsin — barchasi yoziladi, qayd etiladi va sizning moliyaviy obro‘yingizni shakllantiradi.

Kredit tarixni buzish degani — vaqtida to‘lamaslik, shartlarni buzish yoki hatto kontaktga chiqmaslik demak. Bu esa keyinchalik yangi kredit olishda muammolarga olib keladi. Hattoki, yaxshi ishga kirishda ham bu omil rol o‘ynashi mumkin.

2. To‘lov sanalarini o‘tkazib yubormang!
Aynan sana sizning do‘stingiz. Har bir kechikish — tarixga salbiy yozuv. Eng oddiy yechim — to‘lov kunini mobil kalendarga belgilab qo‘ying yoki avtomatik to‘lovni yoqing.

Yodda tuting: banklar sizni eslatmasdan turib ham kredit tarixni kuzatadi.

3. Faqat kerakli summani oling!
"Ko‘proq pul olsam, kerak bo‘lib qolar" deb o‘ylash — keng tarqalgan xato. Yaxshisi, daromadingizga mos, o‘z vaqtida to‘lay oladigan miqdorni tanlang. Bu sizga og‘irlik emas, qulaylik olib keladi.

To‘lovlarni yengil qilish uchun kredit muddatini, foiz stavkasini oldindan hisoblang va solishtiring.

4. Bank bilan aloqa uzilmasin!
Kutilmagan muammo bo‘lib qoldimi? Ishdan bo‘shadingizmi yoki daromadingiz kamaydimi? Bunday holatda sukut saqlamang.

Aksincha, darhol bank bilan bog‘laning. Ko‘pincha banklar vaqtinchalik imtiyozlar, to‘lov muddatini uzaytirish yoki boshqa yengilliklarni taklif qilishi mumkin.

5. Toza kredit tarix — kelajakdagi imkoniyat!
Toza tarixga ega mijozlarga nisbatan banklar doimo ishonchli munosabatda bo‘ladi. Bu sizga quyidagilarni taqdim etadi:

• pastroq foiz stavkali kreditlar

• tezkor kredit tasdiqlanishi

• garovsiz kreditlar olish imkoniyati

• onlayn xizmatlardan to‘liq foydalanish

Va albatta, bu sizning moliyaviy o‘sishingizga xizmat qiladi!

Xulosa:
Moliyaviy savodli bo‘lish — bu nafaqat mablag‘ni tejash, balki kredit imkoniyatlarini to‘g‘ri boshqarishdir. Kredit tarixni toza saqlash oddiy odatlardan boshlanadi: vaqtida to‘lov, o‘z vaqtida murojaat, va bank bilan doimiy aloqa.

Moliyajon sizga omad va moliyaviy barqarorlik tilaydi!