Hurmatli hamkasblar, qadrli do'stlar va bankimiz mijozlari!
Bugungi kunda biz jamiyatda, ommaviy axborot vositalarida “korrupsiya, korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish” degan iboralarni tez-tez uchratib turamiz. Xo'sh, nimaga bu so'zlar bizda dolzarb mavzuga aylanib qoldi.
Buning asosiy sababi korrupsiya jahon miqyosida xalqaro tashkilotlar tomonidan transmilliy jinoyat deb tan olingan bo'lib, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy, shu jumladan bank tizimining rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi.
O'zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “korrupsiyaga qarshi kurash to'g'risida”gi qonunida korrupsiyaga quyidagicha ta'rif berilgan. Korrupsiya – shaxsning o'z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o'zga shaxslarning manfaatlarini ko'zlab yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir.
Aslida korrupsiya biror mansabdor shaxsning Qonunchilik va axloqqa zid ravishda o'zining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foydalanishidir. Korrupsiya jamiyatni, iqtisodni rivojlanishiga eng katta salbiy ta'sir ko'rsatuvchi omil hisoblanadi. Shuning uchun barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashish uni keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash va oldini olish juda dolzarb bo'lib qoldi.
Mamlakatimizda korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish, jamiyatning barcha sohalarida korrupsion holatlarni keltirib chiqaruvchi omillarga chek qo'yishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar olib borilmoqda.
“POYTAXT BANK” AJ tomonidan ham korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qator chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bank tomonidan bank faoliyatining ochiqligini ta'minlash, boshqaruv tizimining samaradorligini oshirish, mansabdor shaxslarining va boshqa xodimlarining o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan mas'uliyatini kuchaytirish, xizmat majburiyatlarining bajarilishi samaradorligi mezonlarini, standartlarini va uning sifatini baholash tizimlarini joriy etish, xodimlarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqning yagona prinsiplari va qoidalarini belgilovchi odob-axloq qoidalarini samarali amalga oshirish, manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'ymaslik, mijozlarga xizmat ko'rsatishning shaffof tartibini o'rnatish borasida doimiy ravishda ishlar olib borilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida “POYTAXT BANK” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi komplaens nazorat boshqarmasi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi – tizimdagi korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta'sirchan tizimini ishlab chiqish, shuningdek jamiyatning barcha xodimlari o‘rtasida tushuntirish-profilaktik ishlarini olib borish hamda korrupsiya xavfi mavjud bo'lgan hollarda uni bartaraf qilishdan iboratdir.
Bankimiz, qolaversa mamlakatimiz rivoji yo'lida barchamiz birgalikda korrupsiyani har qanday illatiga birgalikda kurashishimiz lozim.
Hurmatli hamkasblar, qadrli do'stlar va bankimiz mijozlari, yuqoridagi vazifalarni bajarishda biz sizni hamkorlikka chaqirib qolamiz. Murojaat uchun bankning rasmiy veb saytida keltirilgan aloqa kanallariga murojaat qilishingizni so'rayman.
“POYTAXT BANK” AJ
Boshqaruv Raisi
Xasan Raxmatov