Rasmiy munosabat!

Ijtimoiy tarmoqlarda “Poytaxt Bank” AJ faoliyati, xususan ayrim kredit va taʼminot bitimlari yuzasidan bildirilgan fikrlar Bank tomonidan eʼtiborga olindi.

Avvalo taʼkidlash lozimki, Bankda yangi korporativ boshqaruv tizimi shakllantirilganidan soʻng qisqa muddat ichida Bank faoliyatini barqarorlashtirish, kredit portfelini kengaytirish, muammoli kreditlar bilan ishlash, tashkiliy tuzilmani qayta koʻrib chiqish va transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Mazkur amaliy harakatlar natijasida soʻnggi 3 oyda Bank kredit portfeli 450 mlrd soʻmgacha oshirildi.

Shu bilan birga, Bankda muammoli kreditlar hajmi va ulushi qisqa davrda pasaygani kuzatilgan. Xususan, 2026-yil 1-fevral holatida muammoli kreditlar 90 mlrd soʻmni, ulushi 33,8 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yil 1-aprel holatiga kelib ushbu koʻrsatkich 71 mlrd soʻmga, ulushi esa 25,6 foizgacha pasaygan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tilga olingan kredit va taʼminot bitimlariga kelsak, mazkur bitimlar Bankning vakolatli organlari tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, xususan “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun, Markaziy bankning kredit risklari, taʼminot, korporativ boshqaruv va prudensial talablarga oid normativ hujjatlari hamda Bankning ichki qoidalariga muvofiq rasmiylashtirilgan.

Qonunchilikda bank tomonidan kredit boʻyicha taʼminot sifatida kafillik, garov, majburiyat va qonunda nazarda tutilgan boshqa taʼminot usullarini qabul qilish taqiqlanmagan. Aksincha, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 63-moddasida banklar kreditlarni garov, kafolat, kafillik, majburiyat va qonunda nazarda tutilgan boshqa taʼminot usullari asosida berishlari mumkinligi nazarda tutilgan. (LexUZ: https://lex.uz/ru/docs/4581971) Shuningdek, affillanganlik alomati mavjud boʻlgan holatlarda bunday bitimlar taqiqlanmaydi, balki “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 87–88-moddalarida belgilangan oʻrganish va maʼqullash tartiblariga rioya etilgan holda rasmiylashtiriladi. (LexUZ: https://lex.uz/mact/2382411)

Kredit qarorini qabul qilishda qarz oluvchining moliyaviy faoliyati, hisobvaraqlar boʻyicha aylanmalari, biznes faolligi va majburiyatlarni bajarish qobiliyati Bank tomonidan belgilangan tartibda baholangan. Mijozning aniq moliyaviy koʻrsatkichlari bank siri talablariga muvofiq ommaviy tarzda oshkor etilmaydi.

Ommaviy talqinlardagi “Bank kafil boʻlib turibdi” mazmuni notoʻgʻri. Bank mazkur munosabatlarda kafil emas, balki kreditor sifatida ishtirok etadi. Bank manfaatlarini himoya qilish maqsadida taʼminot paketi shakllantirilgan boʻlib, unda bolalar isteʼmol tovarlari bozorida tanilgan brendlar, tovar belgilari va ularga doir huquqlar ham inobatga olingan.

Bankda affillanganlik, manfaatlar toʻqnashuvi, kafillik majburiyatlari, taʼminot yetarliligi va kredit risklarini baholash boʻyicha tegishli ichki tartib-taomillar mavjud. Qarorlar ushbu talablar asosida qabul qilingan. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlar Bank tomonidan qonunchilik buzilgani yoki risklar yetarlicha baholanmagani haqida xulosa qilish uchun asos boʻla olmaydi.

Bank siri va mijozlarga oid maʼlumotlarni muhofaza qilish majburiyati mavjudligi sababli, alohida mijozlar, kredit shartlari, kafillar, taʼminot tuzilmasi va bitimlarga oid boshqa maʼlumotlar ommaviy tarzda oshkor etilmaydi.

“Poytaxt Bank” AJ oʻz faoliyatida qonunchilikka rioya etish, korporativ boshqaruv talablarini taʼminlash, risklarni oqilona baholash, shuningdek mijozlar, omonatchilar va aksiyadorlar manfaatlarini himoya qilish tamoyillariga qatʼiy amal qiladi.