2026-yil 3-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Tansiqboyev” bozori hududida joylashgan “Poytaxt Bank” bankomatidan naqd pul yechish jarayonida yuzaga kelgan holat yuzasidan fuqaroning murojaati e’lon qilindi.

Mazkur holat Bankning mas’ul xodimlari tomonidan zudlik bilan va har tomonlama o‘rganib chiqildi.

O‘rganish jarayonida bankomatning log-fayllari hamda videokuzatuv yozuvlari tahlil qilindi. Natijada soat 17:51 da bankomat tomonidan naqd pul belgilangan tartibda taqdim etilgani, biroq mijoz mablag‘larni ajratilgan vaqt davomida olmagani aniqlandi. Xavfsizlik talablariga muvofiq, mablag‘larning begona shaxslar tomonidan olib ketilishining oldini olish maqsadida bankomat 20 soniyadan so‘ng naqd pulni avtomatik ravishda qaytarib olgan.

Mijozning keyingi urinishida naqd pul yechish amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlanib, tegishli mablag‘lar to‘liq olingan.

Murojaat Bankning belgilangan ish vaqti yakunlanganidan keyin kelib tushgan bo‘lsa-da, Bank xodimlari tomonidan holatni o‘rganish va masalani tezkor hal etish choralari darhol boshlangan.

Shu kunning o‘zida, soat 19:49 da Uzcard tizimi orqali muvaffaqiyatsiz yakunlangan tranzaksiyani bekor qilish hamda mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tegishli ariza rasmiylashtirilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida 2026-yil 4-avgust kuni soat 10:45 da, ya’ni murojaat kelib tushganidan keyin 24 soatdan kam muddat ichida, pul mablag‘lari mijozning karta hisobvarag‘iga to‘liq qaytarilgan.

Bank bilan olib borilgan telefon muloqotlari davomida ayrim keskin fikrlar va e’tirozlar bildirilganiga qaramay, murojaat belgilangan tartibda oxiriga qadar ko‘rib chiqilib, masala qonunchilik talablari hamda mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish tamoyillari asosida to‘liq hal etildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda Bank tomonidan mijozning pul mablag‘lari qaytarilmagani yoki noqonuniy ravishda ushlab qolingani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qilamiz.

“Poytaxt Bank” o‘z mijozlarining murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, har bir holatni xolisona o‘rganish va mijozlarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga doimo ustuvor ahamiyat beradi.