
“POYTAXT BANK” AJ kapital bozori sohasidagi maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan “POYTAXT BANK” AJni kapital bozori sohasidagi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
“Tartibga solish qumdoni” — yangi moliyaviy instrumentlar, texnologiyalar va faoliyat modellarini vakolatli davlat organining nazorati ostida amaliyotga joriy etish hamda sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi maxsus huquqiy mexanizmdir.
Mazkur loyiha doirasida “POYTAXT BANK” AJ chet el valyutasida ifodalangan korporativ obligatsiyalar emitenti sifatida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish, muomalaga kiritish va so‘ndirish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan tasdiqlangan tegishli nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
Bankning mazkur maxsus huquqiy rejimdagi ishtiroki:
-
uzoq muddatli moliyaviy resurslarni jalb qilish manbalarini kengaytirish;
-
moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish;
-
zamonaviy kapital bozori instrumentlaridan foydalanish;
-
investorlarga chet el valyutasida ifodalangan yangi investitsiya vositasini taklif etish;
-
korporativ obligatsiyalar bozorining rivojlanishiga hissa qo‘shish imkonini beradi.
“POYTAXT BANK” AJ ushbu loyihani zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etish, kapital bozorida faoliyat yuritish imkoniyatlarini kengaytirish hamda investorlar, mijozlar va biznes hamkorlar ishonchini mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining muhim bosqichi sifatida baholaydi.








