Hurmatli mijozlar!

“Poytaxt Bank” AJ bank xizmatlaridan foydalanish shartlarini yanada aniq va shaffof belgilash, mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonini soddalashtirish maqsadida bank xizmatlari bo‘yicha yangi ommaviy oferta shartnomalarini taqdim etadi.

Ommaviy oferta shartnomalari Bank va mijoz o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy shartlarini, taraflarning huquq va majburiyatlarini, xizmatlardan foydalanish, hisob-kitoblarni amalga oshirish, xavfsizlik hamda boshqa muhim shartlarni belgilaydi.

Yangi oferta shartnomalari quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:

1. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va masofaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish

Mazkur oferta bank hisobvaraqlarini ochish va yuritish, hisob-kitob-kassa xizmatlari, elektron to‘lov hujjatlarini qabul qilish va ijro etish, shuningdek Internet-bank, Mobil-bank, SMS-bildirishnoma va boshqa masofaviy bank xizmatlaridan foydalanish shartlarini belgilaydi.

→ Oferta shartnomasi bilan tanishish

2. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga korporativ bank kartalarini chiqarish va ulardan foydalanish

Oferta korporativ bank kartalarini chiqarish, ularga xizmat ko‘rsatish, karta orqali operatsiyalarni amalga oshirish, limitlarni belgilash va kartalardan xavfsiz foydalanish bilan bog‘liq shartlarni tartibga soladi.

→ Oferta shartnomasi bilan tanishish

3. Bank to‘lov terminallarini ijaraga berish va ekvayring xizmatlarini ko‘rsatish

Mazkur oferta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bank to‘lov terminallarini taqdim etish, ularni ekvayring tizimiga ulash, bank kartalari va boshqa qo‘llab-quvvatlanadigan to‘lov vositalari orqali to‘lovlarni qabul qilish hamda hisob-kitoblarni amalga oshirish shartlarini belgilaydi.

→ Oferta shartnomasi bilan tanishish

4. Jismoniy shaxslarga bank kartalarini taqdim etish va talab qilib olinguncha bank hisobvaraqlarini ochish

Mazkur oferta jismoniy shaxslarga bank kartalarini chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish, karta hisobvaraqlari hamda talab qilib olinguncha bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va ulardan foydalanishning umumiy shartlarini belgilaydi.

→ Oferta shartnomasi bilan tanishish

Muhim: jamg‘arma va muddatli omonatlar mazkur jismoniy shaxslar uchun oferta doirasiga kirmaydi. Ular bo‘yicha Bankning amaldagi Omonatlar qoidalariga muvofiq alohida bank omonati shartnomalari tuziladi.

Oferta qanday qabul qilinadi?

Tegishli bank xizmatidan foydalanishda mijoz tomonidan oferta shartlari bilan tanishilib, xizmat turiga qarab ariza taqdim etish, elektron tasdiq berish yoki Bank tomonidan belgilangan boshqa aksept harakatini amalga oshirish orqali oferta qabul qilinadi. Jismoniy shaxslar uchun, masalan, mahsulot bo‘yicha ariza berish, elektron tasdiq berish, kartani qabul qilib olish yoki hisobvaraq ochishga rozilik bildirish aksept usullaridan hisoblanadi.

Oferta shartlarini aksept qilishdan oldin tegishli hujjat mazmuni, xizmat shartlari va amaldagi tariflar bilan batafsil tanishib chiqishni tavsiya etamiz.

Savollar va qo‘shimcha ma’lumotlar uchun:
Call-markaz: +998 71 214 20 00
Elektron pochta: info@poytaxtbank.uz

“Poytaxt Bank” AJ